Umumiy ma’lumotlar


Markaz haqida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi 2025-yil 29-avgustdagi PQ–263-son qaror asosida tashkil etilgan.

Markazning asosiy maqsadi - mamlakatda zamonaviy, sifatli va raqobatbardosh milliy kontentni rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari va kontent yaratuvchilarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, davlat organlari va jamiyat o‘rtasida samarali axborot kommunikatsiyalarini shakllantirishdan iborat.

Markaz O‘zbekistonning milliy axborot makonini rivojlantirish, jamiyat uchun dolzarb va ishonchli media mahsulotlarini yaratishga ko‘maklashish, zamonaviy media texnologiyalarini joriy etish hamda mamlakatning ijobiy imijini ichki va xalqaro axborot maydonida ilgari surishga xizmat qiladi.

Faoliyatning asosiy yo‘nalishlari

Markaz quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi:

ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, blogerlar va boshqa kontent yaratuvchilarni qo‘llab-quvvatlash;

sifatli, zamonaviy va ijtimoiy ahamiyatga ega milliy kontent yaratish va rivojlantirishga ko‘maklashish;

davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyati samaradorligini oshirish;

matbuot kotiblari va media sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish;

jurnalistlar, blogerlar, mobilograflar va boshqa media vakillari uchun ta’lim dasturlari, seminar va treninglarni tashkil etish;

kino, animatsiya va boshqa audiovizual kontent turlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash;

axborot makonidagi tendensiyalarni o‘rganish, yolg‘on va chalg‘ituvchi axborotlarning tarqalishiga qarshi tizimli choralarni rivojlantirish;

zamonaviy raqamli platformalar va yangi media formatlarini rivojlantirish;

xorijiy media tashkilotlari, ekspertlar va xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirish;

O‘zbekiston haqidagi sifatli milliy kontentni xalqaro axborot maydonida keng targ‘ib qilish.

Bizning vazifamiz

Markaz davlat, ommaviy axborot vositalari va jamiyat o‘rtasida samarali kommunikatsiyalarni rivojlantirish, media sohasi vakillari uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda O‘zbekistonda professional va raqobatbardosh kontent industriyasini shakllantirishga ko‘maklashadi.

Markaz o‘z faoliyatida ochiqlik, tezkorlik, professional yondashuv, zamonaviylik va ishonchlilik tamoyillariga tayanadi.